Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari rahbarligida Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasining 6 oylik faoliyati sarhisob qilindi
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov huzurida Navoiy viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, kelgusidagi ustuvor vazifalar hamda II chorak yakunlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan mazkur yig‘ilishda Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat, shahar-tuman IIB rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.
Dastlab, viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, ichki ishlar bo‘limlari va sohaviy xizmatlar faoliyati tahlil qilindi. II chorak davomida viloyat hududida kriminogen vaziyatni yanada yaxshilash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hudud mas’ul rahbarlarining faoliyati jiddiy tanqid ostiga olindi va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tezkor-profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda profilaktik ishlarning yetarlicha tashkil etilmayotganligi oqibatida YTHlari birmunchaga oshganligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov hamda Boshqarma boshlig‘i, polkovnik Azat Tasbayevlar so‘z olib, Vazirlik rahbariyati tomonidan berilgan vazifa va topshiriqlarni barcha shaxsiy tarkib alohida na’muna ko‘rsatgan holda vijdonan bajarishi lozimligi, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda bor bilim va salohiyatini namoyon qilish, yangicha dunyoqarash bilan xalqimiz xizmatida bo‘lishlari lozimligi, tamagirlik va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik, korruptsion holatlarga yo‘l yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va qonuniy tartibda ko‘rib chiqishlari muhimligi aytildi.
Kelgusida jinoyatchilikni oldini olish, jilovlash va fosh etish, fuqarolar tinchligi, osoyishtalagini ta’minlash borasida chora-tadbirlar belgilanib, zarur topshiriqlar berildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati