28 Fevral 2025 yil 2126

Kinolog, kichik serjant Oybek Jo‘rayevning bir kuni

  Ayni paytda Navoiy viloyati IIB JXX JTSB Kinologiya bo‘linmasi 3-sonli kinologiya guruhining kichik inspektori, kichik serjant Oybek Jo‘rayev xizmat iti “Tomik” bilan ko‘plab musobaqalarda qatnashib, o‘tgan yili ichki ishlar organlari kinolog xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘pkurash musobaqasining respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

U bugun ham xizmat yo‘riqnomasiga o‘z vaqtida yetib keldi. Yo‘nalishlari bo‘yicha tanishgach, jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishda xizmat itlari ishtirokini oshirish, mashg‘ulotlarga o‘rgatishda mas’uliyat bilan yondashish lozimligi yana bir bor ta’kidlandi.

Lavhamiz qahramoni tushdan keyin “Samarqand” muntazam YPX maskaniga, nazorat-reyd tadbiriga jalb etildi. Unga qadar barcha kinologlar maxsus maydonda xizmat itlari bilan turli mashqlarni bajarishga kirishdi. Oybek ham «Tomik» laqabli jonivor bilan belgilangan harakatlarni amalga oshirdi.

Mashg‘ulotlar davomida xizmat itlarini jinoyatchini qo‘lga olishga, izlarni qidirishga, giyohvandlik moddalarini izlab topishga o‘rgatamiz, — deydi kichik serjant Oybek Jo‘rayev. — Yangi biriktirilgan xizmat itini sohaga o‘rgatish bir xil kechmaydi. Shu bois mashg‘ulotlar davomida nafaqat jonivorlar, balki biz — kinolog xodimlar ham birgalikda jismoniy-jangovar mashg‘ulotlarda qatnashamiz.

Xullas, kichik serjant Oybek Jo‘rayev kunning ikkinchi yarmida xizmatni “Samarqand” YPX maskanida davom ettirdi. Yo‘l-patrul xizmati inspektori bilan birga shubha qilingan yuk mashinalari va qo‘shni viloyatdan kelgan avtotransport vositalari to‘xtatilib, tekshirildi.

“Damas” avtomashinasi to‘xtatilganida, “Tomik” negadir haydovchi yonida ketayotgan 45-50 yoshlardagi yo‘lovchiga qarab tinmay hura boshladi. Kinolog Oybek Jo‘rayev itni mashinaga yaqinroq olib borgani sari itning vajohati ortdi. Bu bekorga emas ekan. Yo‘lovchining yonidan gugurt qutilariga joylangan giyohvandlik vositalari topildi. Haydovchi esa, qidiruvdagi shaxs bo‘lib chiqdi.

Yigirma ikki yillik tajribaga ega Oybek Jo‘rayev o‘z ustida tinimsiz izlanishi va xizmat faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashishi sabab jamoa o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan. “Xavfsiz hudud”, “Qoradori” kabi tadbirlarda faol qatnashib, hudud osoyishtaligiga hissa qo‘shmoqda.

 

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech