Navoiy viloyati IIB boshlig‘i va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish test imtihonlari o‘tkaziladigan joylarda o'rganishlar olib borildi
Ayni kunlarda respublikamiz bo'ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini adolatli, shaffof va xavfsiz o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko'rilmoqda va abituriyentlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Azat Tasbayev va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan imtihonlar o‘tkazilishi belgilangan binolarda o'rganishlar olib borildi. O'rganishlar davomida test jarayonlariga tashrif buyuruvchi fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashga doir ko'rilgan chora-tadbirlar, hududda o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlarining holati, tibbiy va maishiy sharoitlarning shay holatga keltirilganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xil favqulotda holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Xizmatga jalb etilgan kuch tuzilmalari xodimlari va mas'ullarga test jarayonlarini qonuniylik, xolislik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etish, tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, test sinovlari o'tkaziladigan har bir hududda muhim axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlarni yaratish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati