Navoiy viloyati IIBda matbuot anjumani tashkil etildi
Navoiy viloyati IIBda tashkil etilgan matbuot anjumanida OAV vakillari, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi. Anjumanni viloyat IIB boshlig'ining o'rinbosari - Tergov boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Zohidjon Qayumov kirish so'zi bilan ochib, 2024-yil sarhisobi va kelgusidagi rejalar, ichki ishlar tizimidagi islohotlar va ularning natijalari, raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarning joriy etilishi hamda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning, jumladan kiberjinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida ma'lumot berib o'tdi. So'zga chiqqan sohaviy xizmat rahbarlari tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida viloyatda amalga oshirilgan va bajarilishi reja qilingan ishlar haqida ham ma'lumotlar berilib, yo'l qo'yilgan kamchiliklar muhokama markazida bo‘ldi.
Bundan tashqari anjumanda kiberjinoyatlarni tahlil qilish, shaxsga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslik holatlari bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi. Jarayonda yig‘ilganlar tomonidan ayni paytda dolzarb va ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shov-shuvli xabarlar yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar va sohaviy xizmat boshliqlari tomonidan javoblar berildi. Shuningdek, Boshqarma huzurida tashkil etilgan "Jamoatchilik kengashi"ning yangi tarkibi va uning faoliyati xususida ham ma'lumotlar berilib, kengash tarkibiga qabul qilingan yangi a'zolar yig'ilganlarga tanishtirildi.
So‘ng anjumanga taklif etilganlar yangidan foydalanishga topshirilgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi binosi, ma’muriy amaliyot markazi faoliyati va xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda soha tarixiga oid muzey bilan yaqindan tanishdilar.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati