Navoiyda ekspert-kriminalistika xodimlarining kasbiy malaka va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi
Ekspert-kriminalistika xodimlarining kasbiy malaka va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda bevosita ishtirok etgan IIV Akademiyasining tajribali o‘qituvchilari hamda Toshkent shahar IIBB EKM mutaxassis ekspertlari hodisa joyini ko‘zdan kechirish tartibi, ashyoviy dalillarni olish, qadoqlash hamda tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlari davomida kriminalistik-texnik vositalarni qo‘llash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi.
Shuningdek, sud fotografiyasining umumiy qoidalari, tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari isbotlov bazasining shakllantirishdagi ahamiyati, portlash va yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq voqea joylarini ko‘zdan kechirish tartibi, tintuv va tergov eksperimentini o‘tkazish bo‘yicha nazariy ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulotlar davomida yosh ekspertlar tomonidan berilgan sohaga oid savollarga javoblar berildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati