Navoiyda subsidiya asosida uy olib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi
Mamlakatimizda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, uy-joy bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun ajratilgan subsidiya boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor hamda ehtiyojmand oilalar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ammo, huquqiy madaniyatning yetishmasligi yoki qonunlarni mensimaslik oqibatida ko‘plab odamlar firibgarlar tuzog‘iga tushayotgani ham sir emas. Qiziltepalik S.M subsidiya asosida uy olish uchun hujjat rasmiylashtirib yurgan M.Shni ko‘z ostiga olib, 18 mln so‘m evaziga masalani oson hal qilib berishini aytadi. Fuqaroni ishonchiga kirib, olingan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan “hojatbaror” ikki yil davomida M.Shni aldab kelganligi sababli firibgarlikda gumon qilindi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati