Qiziltepa tumanida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan targ‘ibot va nazorat tadbirlari o‘tkazildi
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan Qiziltepa tuman "Husbuddin" mahallasida yo‘riqnoma tashkil etildi. Unda tuman IIB xodimlari, mas’ul korxona va tashkilot vakillari ishtirok etdi. Mutasaddilar yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan guruhlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha topshiriqlar berishdi. Mazkur yo‘nalishlarning dastlabkisi xonadonma-xonadon yurib aholi muammolarini o‘rganish bo‘ldi.
Fuqarolar xonadonlarida olib borilgan o‘rganishlar davomida elektr va gaz jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilish hamda kuz-qish faslida tarqalayotgan o‘tkir respirator kasalliklardan saqlanish, immunitetni oshirish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish tavsiyalari berildi. Bundan tashqari IIBda hisobda turuvchi shaxslar, shu jumladan janjalkash oilalar, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, uzoq muddatga chet davlatlarga ketib qaytib kelganlar, muqaddam sudlangan shaxslar va boshqa jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, jinoyat va huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari tushuntirildi.
Shuningdek, shu kuni YPX inspektorlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilib, tuman hududida noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargan hamda yo‘l belgilariga amal qilmagan haydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati