Navoiy viloyati IIB ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Namunali oila” koʻrik-tanlovida qatnashmoqchi boʻlganlarni taklif etadi
Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, dunyoqarashi va maʼnaviyatini yuksaltirish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida hamda IIVning 2022-yil 15-fevral kunidagi “Ichki ishlar organlarida “Namunali oila” koʻrik-tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 37-sonli buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat IIB boshligʻining 2024-yil 21-mart kunidagi 36-sonli buyrugʻiga muvofiq, joriy yilning 15-aprel kuniga qadar “Namunali oila” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi oʻtkaziladi.
Mazkur koʻrik-tanlovda ichki ishlar organlarida kamida 5 yil amaliy ish stajiga ega, oila qurganiga 8 yil toʻlgan (xodimlarning 7 – 15 yosh oraligʻidagi farzandlari koʻrik-tanlovda ishtirok etishlari mumkin), harakatdagi intizomiy jazosi mavjud boʻlmagan, er-xotinning biri yoki ikkalasi ham xodim boʻlgan oilalar ishtirok etadilar.
Koʻrik-tanlov quyidagi shartlar asosida oʻtkaziladi:
“Tanishtirish” sharti, “Bu mening oilam” nomli eng yaxshi fotosurat va videoroliklar sharti hamda “Biz kitobxon oilamiz” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashadilar.
“Tanishtirish” sharti. Mazkur shartda har bir ishtirokchi jamoa aʼzolari (oilaning barcha aʼzolari shart ijrosida ishtirok etishi lozim) milliy raqs, sheʼr, qoʻshiq, xalq oʻyinlari va boshqa ijrochilik mahoratlari orqali sogʻlom, namunali oilaning jihatlari, ularning erishgan yutuqlarini namoyish etishlari lozim (5 – 7 daqiqa).
“Bu mening oilam” nomli eng yaxshi fotosurat va videoroliklar sharti.
Ishtirokchi oila 10 ta fotosuratdan iborat elektron oilaviy fotoalbom hamda oʻzlarining jamiyatda tutgan oʻrni, kasbi, sevimli mashgʻuloti, oʻzaro oilaviy munosabatlar, oiladagi anʼana va qadriyatlarni aks ettiruvchi 3 – 5 daqiqalik videorolikni taqdim etishlari zarur.
“Biz kitobxon oilamiz” sharti. Oʻzbek va jahon adabiyotiga hissa qoʻshgan, quyida keltirilgan buyuk mutafakkir va adiblar qalamiga mansub kitoblarning mazmun-mohiyati, gʻoyasi va ahamiyati boʻyicha bilet savollariga javob berishlari lozim. Ishtirokchilarga savollarga tayyorgarlik koʻrish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 2 daqiqa vaqt beriladi.
“Biz kitobxon oilamiz” sharti boʻyicha oʻqilishi lozim boʻlgan kitoblar
ROʻYXATI
T/r Kitob nomi* Muallifi
1 Yulduzli tunlar Pirimqul Qodirov
2 Ufq Said Ahmad
3 Ikki eshik orasi Oʻtkir Xoshimov
4 Alkimyogar Paulo Koyelo
5 Evgeniy Onegin Aleksandr Pushkin
6 Oq kema Chingiz Aytmatov
7 Dunyoning ishlari Oʻtkir Xoshimov
8 Mehrobdan chayon Abdulla Qodiriy
9 Shum bola Gʻofur Gʻulom
10 Robinzon Kruzoning hayoti va ajoyib sarguzashtlari Daniyel Defo
Mazkur shartlarni bajarish davomida ishtirokchilar va ularning oila aʼzolari oʻz isteʼdod va qobiliyatlarni namoyish etadilar. Mazkur tanlov xodimlar va ularning oila aʼzolari isteʼdodlarini yuzaga chiqarish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, viloyat IIB tizimida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning oilalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Viloyat bosqichida
birinchi oʻrin 1 darajali diplom va televizor bilan;
ikkinchi oʻrin 2 darajali diplom va changyutkich bilan;
uchinchi oʻrin 3 darajali diplom va elektr pech bilan taqdirlanadi.
Mazkur koʻrik-tanlovda birinchi oʻrinni egallagan oila Respublika bosqichida ishtirok etadi. Respublika bosqichi gʻolib va sovrindorlari Vazirlikning bir marta toʻlanadigan quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
birinchi oʻrin – I darajali diplom va 25 million miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
ikkinchi oʻrin – II darajali diplom va 20 million miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
uchinchi oʻrin – III darajali diplom va 15 million miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati