Navoiy viloyati IIB rahbariyati tomonidan sud-huquq masalalariga bagʻishlangan sayyor qabullar tashkil etilmoqda
Joylarda oʻtayotgan sayyor
qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda kutilgan
natijalarni berayotgani ayni haqiqat. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi
prezidenti Administratsiyasi topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy viloyati
IIB rahbariyati tomonidan Zarafshon shahri, Tomdi va Uchquduq tuman fuqarolari
uchun sud-huquq masalalariga bagʻishlangan sayyor qabullar tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida turar joydan hisobdan chiqarish, farzand taʼminoti uchun
aliment undirish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ID kartasi toʻlovi uchun moddiy yordam, sud
hukmi bilan tayinlangan jazodan shartli ozod qilish, shuningdek, tadbirkorlik
faoliyati uchun imtiyozli kredit olish kabi 20dan ortiq murojaatlar tinglandi.
Mazkur sayyor qabulda
ishtirok etgan Maftuna Berdimurodova ham ancha vaqtdan buyon ish qidirib yurgan
fuqarolardan biri. Bugun qabul jarayonida uning murojaati ijobiy hal
etildi. U Zarafshon shahar tibbiyot
birlashmasiga ishga qabul qilindi. Yana bir fuqaro: Tomdilik Dilrabo Bobonorova
turar joyiga roʻyhatga qoʻyilishida hamda bandlik masalasida amaliy yordam
soʻrab murojaat etgan edi. Uning dastlabki murojaati yuzasidan huquqiy
tavsiyalar berilib, ish bilan taʼminlash masalasida esa subsidiya asosida tikuv
mashinasi olib berilishi orqali bandligi taʼminlanishi aytildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot
xizmati