Navoiy viloyati IIB tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan "Vatanparvarlik" tadbirlarining navbatdagisi Navbahor tumanidagi 31-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi
Shaxsning barkamol rivojlanishi uchun uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, qiziqishlarini rag‘batlantirish muhim jarayon hisoblanadi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilayotgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir Navbahor tumanida joylashgan 31-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi. Tadbir avvalida, Navoiy viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, IIV Navoiy akademik litseyi rahbariyati hamda faxriy ustozlar so‘z olib, o‘quvchi-yoshlarga ona-vatan himoyasi va vatanparvarlik kabi yuksak tuyg‘ularning mazmun mohiyati hamda tinchlik va osoyishtalikning naqadar oliy ne’mat ekanligi xususida tushunchalar berishdi. Shundan so‘ng, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, giyohvandlik vositalari, portlovchi moddalar, qurol va o‘q-dorilarni aniqlashda kinologiya xizmatining o‘rni e’tirof etildi hamda yig'ilganlarga xizmat itlarining buyruqlarni bajarish, iz olish, giyohvandlik vositalari, qurol-aslaha va portlovchi moddalarni qidirib topish kabi ko‘nikmalari namoyish etildi.
Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlari tomonidan tayyorlangan jangovar hamda ko‘rgazmali chiqishlar tadbirga o‘zgacha ko‘tarinkilik baxshiyda etdi. Sohaviy xizmatlar faoliyatiga oid qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi o‘quvchi-yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Jarayonda, o‘quvchilar IIV Navoiy akademik litseyi faoliyati va muassasada ta’lim olishga doir ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Kunning ikkinchi yarmida esa, umumta’lim maktabi hamda akademik litsey o‘quvchilaridan iborat jamoalar “Zakovat” intellektual o‘yinida o‘z bilimlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazishdi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati