19 Aprel 2025 yil 403

Navoiy viloyatida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha o‘quv-seminari o‘tkazildi

Yurtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning tinch, osuda hayotini kafolatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, Prezident Administratsiyasi tashabbusi bilan Navoiy viloyatida maxsus o‘quv-seminari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv-seminarida Administratsiya, qonunchilik palatasi vakillari, prokuratura, Ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmalari rahbarlari, Mahalla uyushmasi mas’ullari  hamda viloyatda mavjud shahar-tuman hokimlari, prokuror, IIB boshliqlari va Mahalla yettiliklari ishtirok etishdi.

Dastlab, mas’ullar tomonidan qaror mazmun mohiyati tushuntirilib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarni erta aniqlash va ularni bartaraf etishda xavfsiz yo‘lak va xavfsiz ko‘chalarni barpo etish lozimligi ta’kidlandi.

Yuzni tanib oluvchi va davlat raqamini aniqlovchi kuzatuv kameralari, tashvish tugmalari, aqlli domafonlar kabi bir qancha maxsus qurilmalarning ishlash tartibi, vazifasi va o‘ziga xos xususiyati, ularni o‘rnatishda ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar xususida ma’lumotlar berildi.

Seminar ishtirokchilari Karmana tumanining Mirsaid Bahrom va Alisher Navoiy mahallalarida tashkil etilgan xavfsiz ko‘cha va xavfsiz yo‘laklar bilan tanishib, ularda o‘rnatilgan zamonaviy xavfsizlik qurilmalarining natijadorligining guvohi bo‘lishdi.

Shundan so‘ng, soha vakillari viloyat IIBda tashkil etilgan vaziyatlar markazida bo‘lishdi. Unda mutaxassislar tomonidan “Qalqon” platformasi va uning jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishdagi ahamiyati va o‘rni  xususida ma’lumotlar yetkazildi.

Xuddi shunday o‘quv-seminari mahalla yettiligi vakillari bilan ham tashkil etilib, xavfsiz mahalla, xavfsiz ko‘cha va xavfsiz yo‘laklarni tashkil etishning ijtimoiy ahamiyati haqida suhbatlashildi. Navbatdagi seminar ishtirokchilari ham "Qalqon" platformasining faoliyati, afzalligi va imkoniyatlari bo‘yicha bir qator ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Shuningdek mutasaddilar seminar jarayonida mamlakatimiz rahbarining mahallalarga qaratgan e’tibori va uning qonuniy asosi -1- sonli qaror ijrosini ta’minlashda tashabbus ko‘rsatish, chora-tadbirlarni izchillik bilan olib borish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish, hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur seminar joylarda davom ettirilmoqda.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech