Navoiyda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida volleybol sport musobaqasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi
Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, yoshlarni Vatanga boʻlgan sadoqati, ichki ishlar organlari xizmatiga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida volleybol sport turi boʻyicha musobaqalar tashkil etilgan edi. Hududlardagi yoshlar ishtirokida boʻlib oʻtgan volleybol musobaqasi tumanlar miqyosida tashkil etilib gʻolib jamoalar viloyat bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Ayni paytda musobaqaning viloyat bosqichi yakunlandi. Qizgʻin bahslarga boy boʻlgan musobaqada oʻgʻil bolalar boʻyicha 3-oʻrinni Zarafshon shahri, 2-oʻrinni Nurota tumani hamda birinchilik Qililtepalik yoshlarga, qizlar hisobida esa birinchi oʻrinni Xatirchi tumani, 2-oʻrin Konimex va 3-oʻrin Qiziltepa tumanining chaqon qizlariga nasib etdi. Ichki ishlar boshqarmasi, sport boshqarmasi va yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikdagi mazkur musobaqa yoshlarni sportga jalb qilish va vaqtini mazmunli oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning iqtidor va salohiyatlarini namoyish etishga imkoniyat yaratish, qoʻllab-quvvatlash hudud osoyishtaligi yoʻlida bosilgan yana bir qadam desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati