15 Noyabr 2021 yil 826

Navoiyda xatirchilik ta’minotchi niqobidagi firibgar qo‘lga olindi

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarolarga nisbatan keng imkoniyatlar yaratilgan. Ammo bugungi kunda hali-hanuz hujjatlar borasida ishonuvchanlikka yo‘l qo‘yadigan, ta’minotchi korxonalarning ba’zi bir nayrangboz xodimlariga ishonib hujjatlarini tutqizadiganlar hamyurtlarimiz ham yo‘q emas.

Xatirchilik 26 yoshli G.N shu yil hisobidan bir emas ikki marotaba sudning qora kursisiga o‘tirdi. Uning yoshi hamda oilaviy ahvolidan kelib chiqib 3 yilu 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini berishgan edi. Ammo nafsining quliga aylangan G.N tinib turmadi. “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida bankdan kredit olib kichik tadbirkorlik qilishni maqsad qilgan fuqarolarni o‘zining firib to‘riga ilintirdi. Yolg‘on so‘zlari bilan soxta ta’minotchi niqobini kiyib, soxta muhr bilan ish boshladi. So‘ng, mijozlar hujjatlari bilan bankdan mablag‘ chiqarib berishni va’da qiladi. Va’dasini ustidan chiqdi, ammo maishiy texnikalarning puli shu ta’minotchining o‘ljasiga aylandi. Pullarni ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, o‘zini olib qochib yurdi. G.Nning firibgarligini anglagan tuman fuqarolari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishdi.

Avval bahor, oxir-xazon deganlaridek, G.Nning navbatdagi qilmishlariga nisbatan belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilishi shubhasiz.

 

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech