6 Noyabr 2023 yil 797

Navoiyda  xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor hamda inspektor-psixologlar uchun oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2023-yil 30-oktyabr kunidagi 320-sonli farmoyishiga asosan IIOda xizmat olib borayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish yuzasidan Markaziy harbiy okrugining Navoiy shahridagi 523 safarbarlik rezervi batalyonida ixtisoslashtirilgan oʻquv-amaliy kurslari tashkil etildi.

6 kunga moʻljallangan oʻquv mashgʻulotiga barcha shahar va tumanlarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor hamda inspektor-psixologlar jalb qilindi. Oʻquvda xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, jamiyatda tez-tez guvohi boʻlayotgan muammolar yuzasidan turli soha vakillaridan iborat mutaxassislar tomonidan tahliliy va ochiq munozaralar tashkil etildi. Shuningdek, oʻquvda davlatimiz rahbari va vazirliklar tomonidan qabul qilingan qaror, farmon va buyrugʻlar boʻyicha ishlash va ularning mazmun-mohiyati, mexanizmi yuzasidan tushunchalar berildi.

Inspektor-psixologlarga voyaga yetmaganlar bilan muloqot qilish psixologiyasi, turli vaziyatlarda oʻzni boshqarish, stress va agressiv holatlarni yengillashtirish shuningdek ijtimoiy-huquqiy yordam berish mexanizmlari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi.

Jinoyat va huquqbuzarliklarga sharoit yaratuvchi omillarni barvaqt aniqlash shuningdek, sodir etishga moyil shaxslar bilan olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirish borasida tashkil etilgan shu kabi oʻquv darslari kelgusida soha vakillari uchun dasturul amal boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech