23 Sentyabr 2024 yil 869

Navoiyda viloyat Ichki ishlar organlari otalig‘idagi 2-sonli umumta’lim maktabida vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi 

Otaliqqa olingan maktablarga metodik yordam ko‘rsatish, muassasaning Oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, shuningdek, o‘quvchilarni qonunga itoatkorlik va milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Navoiy shahrida joylashgan 2-sonli umumta’lim maktabida vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi. Tadbirda IIV Navoiy akademik liseyi va harbiy sport maktabining o‘quvchi yoshlarining ishtiroki ta’minlandi. Navoiy viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, akademik lisey direktori hamda soha faxriylari so‘z olib, o‘quvchilarning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, bundan unumli foydalanish lozimligi haqida ta’kidladi.

Shuningdek, yurt sharafini munosib himoya qilib olimpiya chempioni bo‘lgan opa-akalari singari chin vatanparvar yoshlar qatorida bo‘lishlarida muvaffaqiyat tilashdi. So‘ngra, o‘quvchi-yoshlar  ishtirokida tashkil etilgan zakovat intellektual o‘yinini ham ochib berishdi.

O‘quvchilar IIB sohaviy xizmatlari - Tezkor vazifalarni bajaruvchi sofarbarlik otryadi, Kinologiya xizmati, Ekspert kriminalistika markazi xodimlari tomonidan maktab hovlisida tashkillashtirilgan ko‘rgazmani tomosha qilish jarayonida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalaniladigan texnika va maxsus avtomashinalar bilan yaqindan tanishishdi. Harbiy majmualar va izquvarlik uskunalarining vazifasi, turi bo‘yicha ko‘plab savollarga  mutaxassis xodimlardan javob olishdi. Kinolog va xizmat itlarining qiziqarli chiqishlari esa o‘quvchilarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

O‘tkazilgan mazkur tadbir ertamiz umidlarini kelgusida vatan ravnaqi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishga chorlashi, qalbida ichki ishlar xodimi bo‘lish istagini uyg‘otishga xizmat qilgani shubhasiz.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech