Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasida oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sarhisob yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Zohidjon Qayumov raisligida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi, Ekspert-kriminalistika markazi, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda ularning quyi boʻlinmalari xodimlari bilan joriy yilning 6 oylik ish yakunlari hamda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan sarhisob yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda sohaviy xizmat rahbarlarining 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlari, erishilgan ijobiy natijalari bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklari yuzasidan maʼruzalari tinglandi. Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida qonuniy hal etilishini ta’minlash, fuqarolikni rasmiylashtirish va pasport-viza masalalarida ortiqcha ovvoragarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada murojaat etuvchilarga imkon darajasida shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jinoyat ishlarini tergov qilish, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda Jinoyat-protsessual qonunchiligi normalariga qat’iy amal qilish, fuqarolar va davlat manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararni undirish ahvolini yanada yaxshilash, fosh etilmay qolayotgan jinoyatlar bo‘yicha jinoyatchilarni aniqlash maqsadida sohaning boshqa xizmatlari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etish hamda jabrlanuvchilarni o‘z vaqtida jinoyat ishi holati bilan xabardor qilib borish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi.
Sohada ko'p yillar samarali xizmat qilgan mayor Bo'ronov Orifjon Sultonovich tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi. Shuningdek, xizmat faoliyati davomida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlar e’tirof etildi va viloyat IIB boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga asosan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Xodimlarning xizmat faoliyatini moddiy-texnik jihatdan yaxshilash hamda ish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy qurilmalar topshirildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati