Viloyat sektor boshliqlari hamda Huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilib kelinayotgan Ommaviy sayyor qabullarning galdagisi Konimex tumanida tashkil etildi
Hokimlik, viloyat Prokuraturasi, viloyat IIB, viloyat Adliya boshqarmasi hamda davlat Soliq boshqarmasi mutasaddi rahbarlari konimexlik aholining bandlik, tibbiy xizmat, ijtimoiy yordam va sud-huquq masalalariga oid murojaatlarini tingladi.
"To‘qqiztepa" mahallasida istiqomat qiluvchi Shaxlo Sherova oyog‘ida nuqsoni borligi sababli jarrohlik amaliyoti uchun yordam so‘rab viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Azat Tasbayev qabuliga keldi. Uning murojaati viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i bilan birgalikda ijobiy hal etildi va muolaja uchun yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Hamshiralik ishi yo‘nalishida tahsil olgan, biroq, 10 yildan buyon ishga joylashishda qiynalib kelayotgan Sayyora Zoitovaning murojaati ham mutasaddi rahbarlar tomonidan alohida nazoratga olindi va tez kunlarda ijobiy hal etilishi ta’kidlandi. Shu kuni viloyat IIB boshlig‘i tomonidan 16 yoshga to‘lgan fuqarolarga identifikatsiya ID-kartalari ham topshirildi.
Hududlarda tashkil etilayotgan bu kabi sayyor qabullar olis qishloq hududlarida yashovchi aholini dardini tinglash, murojaatlariga tez va sifatli javob qaytarishda ijobiy samarasini ko‘rsatayotgani rost. Xalqning turmush sharoitini yaxshilash maqsadidagi ommaviy o‘rganishlar hududlar bo‘ylab davom etadi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati